Har bir oʼsmir yigit va qiz OIV infektsiyasi, uning yuqish yoʼllari va oldini olish choralarini bilishga hayotiy zaruriyat sifatida qarashi lozim. Hozirda bu infektsiya kirib bormagan biror mintaqa, mamlakat, hudud qolmadi desa mubolagʼa boʼlmaydi. JSST va YuNАYDS (Birlashgan Millatlar tashkilotining OIV/OITS boʼyicha qoʼshma dasturi) baholashlariga koʼra, OIV infektsiyasi bilan yashayotganlar soni dunyo boʼyicha 38 million kishini tashkil etadi. Ularning aksariyat qismi yoshlarni tashkil etadi. Jahon Sogʼliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlarida inson salomatligining 8% tibbiyotga, 17% ekologiyaga, 14% irsiyatga, 55-60%i esa uning kechirayotgan hayot tarziga bogʼliq ekanligi koʼrsatib oʼtilgan. Darhaqiqat har qanday kasallik odamning yuritayotgan nosogʼlom hayot tarziga javoban rivojlanadi. Oʼz salomatligiga loqaydlik bilan qarash, giyohvandlik, ichkilikbozlik, ahloqiy nopoklik kabi illatlar, koʼpgina kasalliklar, jumladan OIV infektsiyasining yuqishiga sabab boʼladi. Bu infektsiyadan saqlovchi maxsus profilaktika omili – vaktsina hali ishlab chiqilmagan. Kasallikdan butunlay forigʼ qiluvchi dori vositalariham mavjud emas. Hozirda bemorlarga beriladigan virusga qarshi dorilar uning koʼpayishini toʼxtatadi, biroq butunlay oʼldira olmaydi. OIV infektsiyasi, uning yuqish yoʼllari, va oldini olish yoʼllari haqida zarur bilim va maʼlumotlarga ega boʼlish, undan himoyalanish choralariga umrbod rioya etib yashash, kasallikdan saqlanishning asosiy sharti hisoblanadi.   OIV-infektsiyasi, uning kechishi, OITS oxirgi bosqich   OIV nima ? OITS nima ? Ularning oʼrtasida farq bormi ? OIV-bu odam immunitettanqisligi virusining qisqartirilgan nomi. – odam deyilishiga sabab, bu virus faqat odamlarda kasallikni yuzaga keltiradi. Hayvonlar bu kasalikka chalinmaydi. – immunitet tanqisligi deyilishiga sabab, bu virus tananing kasalliklarga qarshi kurashadigan kuchi-immunitetni asta-sekinlik bilan yemirib, uning yetishmovchiligi, yaʼni tanqisligini yuzaga keltiradi. – Virus- mikroblarning eng kichik turi boʼlib, ularhujayra ichida kirib, parazitlik qiladi, uni yemirib koʼpayadi. Limfotsit hujayrasida virusdan koʼplab viruschalar hosil boʼladi, hosil boʼlgan yangi viruschalar limfotsit hujayrasini yemirib qonga oʼtadi. Qonga oʼtgan viruslarga qarshi limfotsitlar kurashadi. Biroq limfotsit hujayrasining ichiga kirib ulgurgan virusga qarshi kurasha olmaydi, aksincha viruslarning koʼpayishi uchun xizmat qiladi. Virus va limfotsitlar oʼrtasidagi kurash jarayoni OIV infektsiyasi yuqqan vaqtdan boshlab, bemor hayoti tugaguncha davom etadi. OIV yuqishining dastlabki bir necha yillari davomida tanadagi limfotsitlar viruslarning tajovuzini bartaraf etib turadi. Shuning uchun OIVni yuqtirgan odam uzoq yillar oʼzini sogʼlom his qilishi va OIV bilan zararlanganligini bilmasligi mumkin. Bu OIV infektsiyasining yashirin bosqichi boʼlib, odamning yoshi, yuqish yoʼli, tanaga tushgan viruslar soni va inson immunitetiga qarab 3-6 oydan 5-10 yilgacha davom etishi mumkin. Kasallikning uzoq yillar davomida yashirin kechishi, kasallikning tarqalishiga zamin yaratadigan omillardan biri hisoblanadi. Kasallikning yashirin bosqichida odam oʼzini kasal his qilmaydi, koʼrinishdan sogʼlom odamlardan farq qilmaydi. Аynan shu davr xavfli boʼlib, odam bilib bilmay atrofdagilarga kasallikni yuqtirishi mumkin. Viruslar va limfotsitlar oʼrtasida muntazam davom etayotgan kurash oqibatida qonda limfotsitlar soni asta-sekinlik bilan kamayib, viruslar soni ortib boradi. Immunitetni kuchsizlantirib, tubdan izdan chiqadi. Oqibatda tanada turli xil kasalliklar rivojlana boshlaydi. Bir necha xil kasalliklar majmuasini tibbiyotda sindrom deyiladi. OITS – ottirilgan immunitet tanqisligi sindromi OIV infektsiyasining soʼnggi, yakuniy bosqichi hisoblanadi va bemor oʼlimi bilan tugaydi. Bu davrda immunitetning tubdan izdan chiqishi oqibatida tanada turli xil kasalliklar rivojlana boshlaydi. Orttirilgan deyilishiga sabab, bu kasallik tugʼma boʼlmaydi, odam bu kasallikni hayoti davomida ottiradi. Immunitet tanqisligi deyilishiga sabab, bu kasallik immunitetning yemirilishi bilan kechadi va uning yetishmovchiligi (tanqisligi)ga olib keladi. Sindrom deyilishiga sabab, kasallikka chalingan odamda bir emas, bir nechta xil kasalliklarning majmuasi yoki yigʼindisi (sindrom) rivojlananadi.

  • terida mikroblarning rivojlanishi turli xil teri kasalliklarining rivojlanishiga;
  • ogʼiz shilliq qavatida mikroblarning rivojlanishi ogʼizda yaralar paydo boʼlishiga va tarqalishiga;
  • ichakda mikroblarning rivojlanishi ichning tez-tez va uzoq vaqt davomida suyuq ketishi (diareyaga)ga, bemorning ozib ketishiga;
  • nafas yoʼllarida mikroblarning rivojlanishi esa, bronx yoʼllari va oʼpkaning tez-tez yalligʼlanishiga olib kelishi mumkin;
  • OIV infektsiyasiga chalinganlarda oʼpka silining rivojlanish havfi yuqori boʼlishi kuzatiladi.

OIV infektsiyasiga chalingan bemorlarda, immunitetning kuchsizlanishi oqibatida, kasalliklar tez rivojlanishi, odatdagidan koʼra uzoq davom etishi, qiyin davolanishi va ogʼir asoratlar qoldirishi bilan xavflidir. Oddiy gripp yoki nafas yoʼlining boshqa virusli infektsiyalari pnevmoniya yoki meningit kabi hayot uchun xavfli kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʼlishi mumkin. Bemorning shikoyati yoki kasallik holatiga qarab tashhis qoʼyilmaydi. “OIV\OITS tashhisi bir necha marta maxsus laboratoriya tekshiruvlaridan oʼtgandan keyin, bir gurux shifokorlar tomonidan qoʼyiladi. Odamga OIV infektsiyasi yuqqan yoki yuqmaganligini aniqlashning birdan bir yoʼli undan olingan qon namunasini OIV diagnostika laborotoriyalarida maxsus testlar yordamida tekshirishdan iborat.

QR OITSga qarshi kurashish markazi shifokori А.Djanibekova